TO‘RAQO‘RG‘ON ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI LOYIHASINI TO‘LIQ YAKUNLASH ISHLARI OLIB BORILMOQDA
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida magistral yo‘llar bilan bog‘lanuvchi zamonaviy avtomobil yo‘li, stansiya xodimlari uchun zaruriy ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari barpo etish ishlari olib borilmoqda.
bugungi kunda Farg‘ona vodiysida elektr ta’minoti bo‘yicha asosiy manba hisoblangan, ikkita zamonaviy va samarali par-gaz qurilmalariga ega bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi har sutkada qariyb 20 mln. kVt/s elektroenergiya ishlab chiqarmoqda. Elektr stansiyasida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlari tizimli ravishda, bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda. Agar stansiya foydalanishga topshirilgan 2019 yil davomida 479,5 mln. kVt/s elektroenergiya ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yilda esa, karantin cheklovlari joriy qilingan bo‘lishiga qaramay, 5,5 mlrd. kVt/s yoki har oyda o‘rtacha 464,4 mln. kVt/s elektroenergiya ishlab chiqarildi. Stansiya ishga tushirilgan vaqtdan boshlab jami 10 mlrd. kVt/s yaqin mahsulot ishlab chiqarildi.
Hozirgi kunda loyihani to‘liq yakunlash bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Jumladan, issiqlik elektr stansiyasini asosiy magistral yo‘llar bilan bog‘lovchi zamonaviy avtomobil yo‘lini qurish, stansiya xodimlari uchun zaruriy ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari barpo qilinmoqda. Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, “Baxt” fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan “energetiklar shaharchasi”da quruvchilar tomonidan 96 kvartirali uchta 4 qavatli turar-joy binolari to‘liq foydalanishga topshirilgan bo‘lib, hozirgi kunda binolarning atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, “shaharcha” hududini devor bilan o‘rab chiqish, tashqi-muhandislik ob’ektlari qurilishini tugatish, bolalar maydonchalari hamda avtomobillar uchun turar joyini qurish ishlari qizg‘in pallaga kirgan.
“To‘raqo‘rg‘on IES” UK matbuot xizmati.