Toshkent shahridagi energoobyektlarga press-tur tashkil etildi

Toshkent shahridagi energoobyektlarga press-tur tashkil etildi

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Toshkent shahri iste’molchilari uchun qish mavsumida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Prss-tur ishchirokchilari dastlab, Toshkent shahrida issiqlik energiyasining 80 foizini ishlab chiqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 3-sonli issiqlik markazida bo‘lishdi.

“Toshkent issiqlik markazi” tizimida 9 ta issiqlik markazlari mavjud bo‘lib, ushbu qozonxonalar tomonidan 2024 yilda 6 465,12 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi. 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumi uchun 60 ta qozondan 15 tasi mukammal, 45 tasida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlandi va bu bilan issiqlik yo‘qotilishi kamaytirildi. Buning natijasida iste’molchilarga harorati 65 darajadan kam bo‘lmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda.

Shayxontohur tumanidagi 3-son issiqlik markazi 1972 yilda qurilgan. Bu yerdagi 5 ta qozon qurilmalari 400 Gkal quvvatga ega bo‘lib, jami 491 ta ko‘p qavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalariga issiqlik energiyasini ishlab chiqaradi. 

Press-turning keyingi manzili eski tipdagi qozonxonalarning yangi, zamonaviy avlodi hisoblangan - kogeneratsiya texnologiyasining afzalliklari bilan tanishish bo‘ldi. 

Ta’kidlash lozimki, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi tomonidan Olmazor tumani, Shon-Shuhrat mahallasi hududida qad rostlagan qurilma 2024 yilning 13 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Congress Hall” majmuasida Prezidentimiz ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida ishga tushirildi. Yangi kogeneratsiya qurilmasining elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati                              1,2 MVt, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvati 6,4 Gkalga teng.

Loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 mln. kVt.soat elektr energiyasi hamda 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu qurilma bir vaqtning o‘zida ham elektr energiyasi, ham issiqlik energiyasi ishlab chiqara oladi. Uning ishlab chiqarish samaradorligi yuqori bo‘lib, kam yoqilg‘i evaziga to‘xtovsiz rejimda ishlashga moslashtirilgan. Natijada, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 67 foizga kamayadi. Loyihaga ko‘ra, 10 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Qurilma ishga tushirilishi natijasida, hududdagi 18 ta ko‘p qavatli uy, 1 ta maktab, 1 ta ijtimoiy soha ob’ekti va mingdan ortiq aholi xonadonlari barqaror ravishda issiqlik energiyasi bilan ta’minlanmoqda.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili - Yakkasaroy tumanidagi Toshkent issiqlik elektr markazining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish bo‘ldi. Markaz poytaxt is’temolchilari uchun asosiy korxona hisoblanib, 6 ta (Yakkasaroy, Mirobod, Chilonzor, Shayxontohur, Yashnobod va Uchtepa) tumanlariga issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi. Shuningdek, qo‘shimcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Yagona energotizimga uzatadi. 

Ma’lumot uchun, 2024 yilda markaz tomonidan rejaga ko‘ra 541,9 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish belgilangan bo‘lsa, amalda 621,8 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va reja 115 foizga bajarildi.

Shuningdek, markazda yangi, zamonaviy loyihalarni joriy etish maqsadida 2024 yilda Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan ikkita gaz-turbinasi qurilmalari ishga tushirildi. Press-tur davomida tadbir ishtirokchilarga qurilmaning ishlab chiqarish jarayonlari va afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ushbu loyiha natijasida 100 mingga yaqin xonadon elektr, 170 mingta xonadon issiqlik energiyasi bilan ta’minlash imkoni yaratildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati