XALQARO KREDIT REYTINGINI OLISH — BARQARORLIK MEZONI

XALQARO KREDIT REYTINGINI OLISH — BARQARORLIK MEZONI

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ xalqaro kredit reytingini olish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ygan. Jumlada, bu borada xodimlar malakasini oshirishga ham alohida urg‘u berilyapti.  Shu bois aksiyadorlik jamiyatining bir guruh vakillari uchun Moskva shahrida seminar tashkil etildi.

Xalqaro kredit reytingini olish jarayonida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga “KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi konsultantlik xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Hamkorlik doirasida xodimlar uchun Moskva shahrida seminar trening tashkil etildi. Unga 3 avgust kuni start berilgan bo‘lib, “Moliyaviy modelni halqaro standartlar asosida shakllantirish, hamda iqtisodiy blok xodimlarining malaka va ko‘nikmalarini oshirish” mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. 

Qayd etish lozimki, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalarda xalqaro kredit reytingini olish bo‘yicha belgilangan talablarni amalga oshirish yuzasidan doimiy ish olib borilmoqda.

Sa’yi-harakatlar natijasida buxgalteriya hisobining milliy standartlarini xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, markazlashgan va avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobi tizimini ishlab chiqish, omborlarda tovar-moddiy boyliklarning harakatini muvofiqlashtirish, shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida 1:S “enterprice” (8.3) platformasini joriy etish va so‘nggi uch yillik hisobotlarni “Katta to‘rtlik”ka kiruvchi xalqaro auditorlik kompaniyalari tekshiruvidan o‘tkazish bo‘yicha ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishildi. 

-Ayni damga qadar 2019-2020 yillarga oid xalqaro standartlar asosida tayyorlangan moliyaviy hisobotlarimiz bo‘yicha  “Deloitte and touche” xalqaro auditorlik tashkiloti tomonidan ijobiy xulosalarni qo‘lga kiritdik. Hozirda xalqaro standartlar asosida tayyorlangan 2021 yilgi moliyaviy hisobotimiz ham auditorlik tekshiruvida. Moliyaviy hisobotni xalqaro standartlar asosida tayyorlashda nafaqat xodimning malakasi balki ish jarayonining to‘g‘ri tashkil etilgani ham muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda mazkur seminar biz uchun har tomonlama foydali bo‘lmoqda,-deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ bosh hisobchisi Azimjon Ahmadjonov. 

Ma’lumot o‘rnida, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6096-sonli Farmoni ijrosini ta’minlish maqsadida xalqaro miqyosda kredit reytingini oshirishni rejalashtirgan. Bu o‘z navbatida aksiyadorlik jamiyatiga davlat kafolatisiz xalqaro moliya institutlari sarmoyalarini jalb qilish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini yangilash, modernizatsiya qilish, ta’mir ishlarini jadallashtirish va iqtisodiyotning real sektorida raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi. 

Seminar 9 avgust kuni o‘z ishini yakunlaydi. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati