
XORIJIY TILLARNI BILISH ISH SAMARADORLIGINING KAFOLATI
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va tizim korxonalari xodimlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-sonli “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ingliz tili kurslarida o‘qitildi.

Bu turdagi o‘quv kurslarini tashkil etishdan asosiy maqsad - amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ijrosini to‘liq va samarali tashkil etish, jahonning yetakchi kompaniyalariga tegishli zamonaviy uskunalarni ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etishda xodimlarning tilga oid bilimlarini mustahkamlashdan iborat.
Kuni kecha markaziy boshqaruv apparatidan ingliz tili kurslarida ishtirok etgan 41 nafar xodimga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

- Faoliyatimiz davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘nalishida ko‘pgina xorijiy mutaxassislar va hamkorlar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. Mana shunday vaziyatda til bilish ishni ancha osonlashtirishi ham rost. Shundan kelib chiqqan holda kurslarda faol qatnashdik. O‘ylaymanki, bu kabi o‘quv kurslari ish samaradorligiga ham ijobiy ta’sir etadi,-deydi Texnik boshqarma boshlig‘i Oybek Zohidov.

Ma’lumot o‘rnida, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan xodimlarni o‘qitish va qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha 2022 yil uchun “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, ishchi-xodimlar Italiya, Fransiya, Germaniya kabi rivojlangan davlatlarda bo‘lib elektr energiyasi ishlab chiqarish, korporativ boshqaruv, korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha mavjud bilimlarini yanada mustahkamlash va zamonaviy tajribalarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Sankt-Peterburg energetika malaka oshirish institutida malaka oshirishmoqda.


“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati