YANGI GAZ TURBINA QURILMASI ISHGA TUSHIRILDI

YANGI GAZ TURBINA QURILMASI ISHGA TUSHIRILDI

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan poytaxt iste’molchilarini barqaror issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVt bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasi bunyod etildi. Zamonaviy inshoot faoliyatiga 2-may kuni, III-Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan start berildi. 

Qurilishi 2022-yilning boshida boshlangan qurilma Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi bosh pudratchiligi asosida qad rostladi. Qurilish- montaj ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash maqsadida qurilish maydonida bir vaqtning o‘zida 600 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda 50 ga yaqin texnikalar ishladi.  

Loyihadan ko‘zlangan maqsad shunday edi: kam yoqilg‘i sarflab ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish. Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida ishlab chiqarilgan gaz turbinasi qurilmalari dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ayni maqsadlarga erishish bo‘yicha ijobiy natijaga erishgan. Shuni inobatga olgan holda, mazkur kompaniyaning ikkita gaz-turbinasi qurilmasi yangi loyihada bo‘y ko‘rsatdi. 

Loyiha sabab markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 million kVt.soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor zamonaviy texnologiyalar evaziga yiliga 219 ming kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Atrof-muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 200,5 tonnaga kamayishiga erishiladi. Ushbu gaz turbinasi qurilmalari ishga tushirilishi bilan elektr markaz tomonidan 40 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-sonli “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.  

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati