Yangi investitsiya loyihasi – zamonaviy energetikada yangi ishlab chiqarish yechimlari
“Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan yirik investitsiya loyihasi doirasida barpo etilgan yangi energetika quvvatlari va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida respublika va viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Mazkur loyiha 2025-yil dekabr oyida Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi energetika quvvatlarini ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosim doirasida ishga tushirildi.
Zamonaviy elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasida har birining samaradorligi yuqori bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 1065 MVtni tashkil etadi. Loyihaning umumiy qiymati esa 944,87 million AQSH dollariga teng.
Ushbu investitsiya loyihasi Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
Qurilish ishlari Ispaniyaning “Intesa Ingenieria Industrial” S.A., Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va Turkiyaning “Çalık Energy” kabi yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Mazkur bug‘-gaz qurilmalari yiliga 8 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Yuqori samaradorlikka ega zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash natijasida yiliga 300 million kubmetr tabiiy gazni tejashga erishiladi. Bu esa yoqilg‘i resurslaridan oqilona foydalanish va elektr energiyasi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasida o‘rnatilgan gaz turbinalarining har biri 367,4 MVt, bug‘ turbinasi esa 185,7 MVt quvvatga ega. Shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona milliy elektr energetikasi tizimiga barqaror uzatish maqsadida 500 kV kuchlanishga mo‘ljallangan yangi ochiq taqsimlash qurilmalari ham barpo etildi.
Yangi bug‘-gaz qurilmalarining ishga tushirilishi natijasida korxonada qo‘shimcha 100–120 ta ish o‘rni yaratildi. Bu esa hududda aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Mazkur investitsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatini umumiy quvvati 900 megavattdan kam bo‘lmagan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati