“YANGI O‘ZBEKISTONDA EL AZIZ, INSON AZIZ”

“YANGI O‘ZBEKISTONDA EL AZIZ, INSON AZIZ”

Bugun yurtimizda mahallalar va kishloqlarimiz aholisining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, “mahallabay” ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilyapti.  Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod tumani “Asalobod” mahallasida haftaning har payshanba kuni an’anaviy tarzda madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.

Tadbirning bu galgisida ham “Asalobod” mahallasida va yondosh hududlarda istiqomat qiluvchi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. 

Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, jumladan, davlatimiz rahbari boshchiligida xalqimiz hayotini yaxshilash, ayollarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish, qariyalarni e’zozlash, bir so‘z bilan aytganda, inson qadrini ulug‘lash, tinch va erkin hayotni asrash kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi. 

-Mahallamizda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ulardan 2440 nafarini ayollar, 844 nafarini yoshlar tashkil etadi. Shundan 81 nafar xotin –qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Mana shuning o‘zi ham davlatimiz rahbari boshchiligida “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida olib borilayotgan ishlarimizning amaliy isboti deb bilaman, -deydi “Asalobod” MFY raisi o‘rinbosari Umida Ahmedova.  

Darhaqiqat, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgach Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan “Asalobod” mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borildi. Hududda bolalar maydonchasi barpo etilib, ko‘kalamzorlashtirildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida mingga yaqin gul, daraxt va manzaralari ko‘chatlar ekildi. Hududda 12 ta bolalar maydonchasi barpo etildi. Mahalliy aholining, ayniqsa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviy hordiq chiqarishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilayotgan tadbirlarning bu galgisi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Vatanga bo‘lgan muhabbat, baxt-saodatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Elga mashhur so‘z ustalarining chiqishlari davraga yanada fayz baxsh etdi.

Ma’lumot o‘rnida, Mustaqilligimizning o‘ttiz bir yillik tantanalarini munosib nishonlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar hududiy elektr stansiyalari tomonidan ham tashkil etilishi belgilangan. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati