
YOSh ENERGETIKLAR ISHTIROKIDA “UCH AVLOD UCHRASHUVI” TASHKIL ETILDI

Forum doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalarida uzoq yillar davomida xizmat qilgan, soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, kasbiy faoliyatning past-u balandidan o‘tgan tajribali, faxriy energetiklar qatnashishdi.

Xususan, “To‘raqo‘rg‘on IES” AJ, “Taxiatosh IES” AJ, “Sirdaryo IES” AJ va “Farg‘ona IEM” AJda mehnat qilib pensiyaga chiqqan 50 nafar fahriy energetiklar tadbir mehmoni bo‘lishdi.

Ramziy ma’noda tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” yosh energetiklar uchun ibrat maktabi bo‘ldi deyish mumkin. O‘zaro muloqot davomida o‘zbek energetikasi sohasidagi bugungi tub islohotlar, yangilanishlar, yosh energetiklar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va oldinda turgan vazifalar haqida so‘z bordi.


Jumladan, Prezidentimiz boshchiligida energetika sohasini rivojlantirish, yoqilg‘i sarfini tejovchi zamonaviy uskunalarni ishlab chiqarish jarayoniga keng jalb etish, yosh kadrlarning malakasini oshirish, ularni xorijning yetakchi kompaniyalarida o‘qitish borasida mavjud imkoniyatlar yuqori baholandi.


- Hozir To‘raqo‘rg‘on elektr stansiyasida ishlayotgan yoshlarga havas bilan qarayman. Texnologiyalar zamonaviy, ishlab chiqarish jarayoni elektronlashtirilgan. Bizni davrimizda bunday imkoniyatlar yo‘q edi. Xorijga chiqib o‘qishniku orzu ham qilmagan ekanmiz. Yoshlarga tilagim, imkoniyatlardan unumli foydalanishsin va katta marralarni zabt etishsin. Zero, buning uchun ularda barcha imkoniyatlar mavjud, - deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” AJ faxriysi To‘xtavoy Mullajonov.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati