
Yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yillik bayramiga bag‘ishlangan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida badiiy-musiqiy hamda sport va harbiy-vatanparvarlik dasturi asosida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat gimni ijrosidan boshlanib, bayram tabrigi bilan stansiya direktori nutq so‘zladi. So‘ngra stansiya atrofida bunyod etilgan yangi, zamonaviy futbol maydonining tantanali ochilish marosimi tashkil qilindi.

Tadbir davomida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘l jangi bo‘yicha chiqish, erkaklar o‘rtasida arqon tortish va tosh ko‘tarish musobaqalari, saralash turnirida g‘olib chiqqan ikki jamoa - KS BGQ sexi hamda Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi futbol jamoalari o‘rtasida final matchi bo‘lib o‘tdi.

Bayram dasturxoni atrofida badiiy-musiqiy dastur doirasida stansiya xodimlari ijrosida Ona-Vatanni ulug‘lovchi va madh etuvchi, Ona – Vatanga sadoqat, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan she’rlar, qo‘shiqlar va monologlar yangradi.

Tadbir davomida “Ona diyor - ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz!” mavzulariga bag‘ishlangan “Eng yaxshi va mazmunli” sexlararo bannerlar ko‘rik-tanlovi g‘olibi ham aniqlandi.

Chiroyli va ko‘rkam tarzda hamda yaxshi kayfiyat bilan o‘tgan tadbir yakunida bir guruh fidoiy va namunali xodimlarni “Faxriy yorliqlar” bilan taqdirlash, sport musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari, dasturda o‘z ijod namunasi bilan ishtirok etgan faol xodimlarga esdalik sovg‘alarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bayram tadbirlari davom etmoqda.
To‘raqo‘rg‘on IES Matbuot xizmati