ZAMINIMIZ SAYQALI SAMARQANDGA SAYOHAT UYUSHTIRILDI

ZAMINIMIZ SAYQALI SAMARQANDGA SAYOHAT UYUSHTIRILDI

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanib borayotgan qo‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga ikki kunlik sayohat uyushtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 apreldagi 232-sonli  “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 2022 yil 19 sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, To‘raqo‘rg‘on IES unitar korxonasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi binoan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanib borayotgan qo‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga ikki kunlik sayohat uyushtirildi. 

Sayohatga O‘zbekiston mustaqilligi kuni bayrami arafasida Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan xalqaro yoshlar forumi faol ishtirokchilari, sexlardan tavsiya qilingan ilg‘or ishchi-xodimlar, shu jumladan, xotin-qizlar, jami 15 nafar munosib xodimlar jalb qilindi.

Dastur doirasida sayohatchilar mahobatli Registon maydoni, buyuk sarkarda Amir Temur maqbarasi, Bibixonim madrasasi, buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xoja Doniyor maqbarasi, Shoxi Zinda ansambli, islom dunyosi buyuk muhaddis olimi Imom Buxoriy ziyoratgohi kabi tarixiy va muqaddas obidalarimiz bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, turistlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi hamda uyini ziyorat qildilar, yaqinda bunyod etilgan Samarqand turizm markazi hamda “Boqiy shahar”ni tomosha qildilar. 

 Mamlakatimiz bo‘ylab sayohatga chiqish  - bu maftunkor yurtimizning tarixini o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish, shuningdek xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari va an’analaridan bahramand bo‘lishga imkoniyatdir, - deydi To‘raqo‘rg‘on IES yoshlar birlamchi tashkiloti faoli, sayohatchilar guruhi rahbari Akmal Yo‘ldoshev. – O‘ylaymanki, Markaziy Osiyoning durdonasi hisoblanmish Samarqand shahriga sayohat barchada yaxshi taasurot qoldirdi, biz kelgusida go‘zal yurtimizning bu kabi muqaddas go‘shalariga ham sayohatlar uyushtirishni maqsad qilganmiz. 

“To‘raqo‘rg‘on IES qurish direksiyasi” UK matbuot xizmati