Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-sonli Farmoni talablaridan kelib chiqqan holda, jamiyatda mehnat qilayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilgan.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining 2021-yil 10-avgustdagi 368-sonli buyrug‘iga binoan “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi nizomi tasdiqlangan. Nizomga muvofiq, kengash jamoatchilik asosida ish yuritib, uning raisi kengash majlisida aksiyadorlik jamiyati apparatida ishlaydigan ayollar jalb qilinadi va energetika tizimi korxonalarida obro‘-e’tiborli, oliy ma’lumotli, hayot tajribasi va tashkilotchilik qobiliyati, ijtimoiy-siyosiy savodxon, islohotlardan xabardor, 30 yoshdan yuqori bo‘lgan  va pensiya yoshiga yetmagan ayollar saylanadi.

Kengashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va tizim korxonalarida faoliyat yuritadigan xotin-qizlarga xavfsiz mehnat qilishi, huquqiy madaniyatlarini oshirish, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlarda ishtirok etishi uchun imkoniyatlarini yanada kengaytirishga erishish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni olib borish; 
- xotin-qizlar, ayniqsa, yosh xotin-qizlarning intellektual salohiyatlarini namoyish etishda, ularning o‘z ichki imkoniyat va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilishiga erishish;
- xotin-qizlarning jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlash va kasbiy ko‘nikmasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashish.

Kengash o‘z faoliyati davomida ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha ijtimoiy tahlil o‘tkazadi, ular buzilgan taqdirda ularni bartaraf etishning maqbul choralarini belgilaydi. 

Kengash, shuningdek, xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy tadbirlarini o‘tkazishga keng jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi, ularning muammolarni hal qilish va ishlaydigan ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, ijtimoiy va siyosiy hayotda faol va tashabbuskor ayollar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari ("Mo‘’tabar ayol" belgisi, “Mustaqillik kuni” va boshqalar) va MDHning Elektr energiyasi kengashining mukofotlari bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar kiritadi, mehnatda yuqori natijalarga erishgan va jamiyat rivojlanishiga hissa qo‘shgan ayollarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritadi (minnatdorchilik, faxriy yorliq va boshqalar).

Muhtoj va qiyin ijtimoiy vaziyatda bo‘lgan ayollarga psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarni tahlil qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarning, xususan, kam ta’minlangan, ko‘p bolali, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlari himoyasini kuchaytirishda ko‘maklashish, xotin-qizlarda milliy va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat hamda milliy istiqlol g‘oyasi ruhini oshirish, ularning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy saviyalarini yuksaltirish, ayollar, ayniqsa, yosh qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga ko‘maklashish, ishchilar oilalaridagi oilaviy nizolarning oldini olish, yuz bergan holatlarning sabab va oqibatlarini bevosita joylarda atroflicha o‘rganib chiqib, muammoni bartaraf etish, oila a’zolarining huquqiy madaniyatini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi ishlarni olib borish, ishchilarning oilalari orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ayollarning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymaslik, ularning qadr-qimmatini kamsitish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish kabi ishlarni amalga oshirish ham kengashning muhim vazifalari hisoblanadi.  

Issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkiloti raislari ham jamoatchilik asosida ish yuritib, yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatlarini “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati xotin-qizlar jamoatchilik kengashi bilan muvofiqlashtirgan holda olib boradilar.